Yunusova Ra’no

AKTRISA

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri Oliy darajali drama artisti

Yunusova Rano Mamedovna

Ra’no Yunusova hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Drama va kino” fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab,1980-yilda Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida o‘z ijodiy faoliyatini boshlagan. Mehnat staji 44 yil.

U yakkaxon raqqosa sifatida o‘zbek va qardosh xalqlarning milliy va mumtoz raqslari ijrochisi, shu bilan birga xonanda, aktrisa sifatida fidoyi ijodkor sanaladi. Ushbu betakror san’ati tufayli tomoshabinlar hamda mutaxassislarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Intiluvchan ijodkor viloyat hamda respublika telekanallari dasturlarida o‘zining jozibador raqslarini keng miqyosdagi tomoshabinlarga namoyish etib keldi. Bundan tashqari, u viloyat va respublika bo‘ylab nishonlanuvchi bayram tadbirlarida muntazam ishtirok etib boradi.

R.Yunusova ijodkor sifatida mamlakatimizning barcha viloyatlari hamda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalarida gastrol safarlarida bo‘lib, betakror raqslari, qo‘shiqlari va rang-barang rollari orqali o‘z muxlislariga ega bo‘lib kelmoqda. Viloyatning tuman va chekka hududlarida muntazam tashkil etiluvchi targ‘ibot tadbirlari, mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, ularda san’atga mehr, vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

Ra’no Yunusova ijrosidagi saksondan ziyod obrazlar o‘zining dramatizmi, rang-barangligi bilan ajralib turadi. Jumladan, uning ijrosidagi “Qayerdasan, jon bolam?”dagi Arofat, “Ma’mura kampir”dagi Bibi Mariyam, “Shayton kelin tomoshasi”da Gulshan, “Qizi borning nozi bor”da Gulhayo, “Ikki oshiq bir bo‘lsa”da Zarifa, “G‘aroyib gado”da Anastaziya, “Bola yo‘lbars”da Dilbar, “Ayollar faryodi”da Saodat, “Taroslik yovuz”da Guloy, “Shum bola”da Boy xotin, “Alovuddinning sehrli chirog‘i”da Kanizak, “To‘y”da Nasiba, “Ayollar mashmashasi”da Kekkina, “Javohirlar shahri sehrgari”dagi yovuz Bastixon, “Chipollino”da Sinyora Olchaxon, “Ibtido”dagi Farishta, “Standart kuyov”da To‘xtaxon, “Bremen sozandalari”da Qaroqchilar Sardori, “Qayrag‘och soyasidagi ehtiros”da Ona Ruhi va Abbi, “Padarkush”da Lizaxon, “G‘aroyib tomosha”da Veneraxon, “Qor yog‘maydigan mamlakat”da bosh Kanizak, “Firibgar”da Bar raqqosasi, “Xonuma xonim”da Xonuma xonim, “Tuzoq”da Shohida va “G‘aroyib karnaval”dagi Uloqcha, “Xotinlar “gap”idan chiqqan hangoma”da Malika, “Xavfli qadam”da Lolaxon, “Qorqiz izidan”da Jodugar, “Yor istab”da Natalya Stepanovna, “Bu yurt muqaddas tuprog‘imdir…” (Nodirabegim)dagi Hofiza, “Ayol qadri”da Xurshida, “Jonginam shartingni ayt”da Xosiyat, “Chodir xayol sarguzashtlari”da Lo‘li Mariyam, “Tafakkur”da O‘lanchi, “Ko‘cha bolalari”da Aqida, “Niqob”da Ayshe, “Insonlikka nomzod”da Qo‘shni ayol hamda “Bibixonim”dagi Bosh kanizak, “Sarvqomat dilbarim”da Ona, “Otamdan qolgan dalalar”da Klara Xadjayevna, “Bobur”da Zuhrabegim, “Qush tili”da Tarso qizi roviysi, “Yaxshi kun” folklor tomoshasida Ayol roli, “Xusrav va Shirin”da bosh kanizak, “O‘rmon ahli” ertak-spektaklida Qo‘ziqorin, “Qirol Lir” tragediyasida Gonerilya, “Shiroq” tragediyasida Gobriya, “Muzbuloq siri” ertak-spektaklida Sukunat malikasi, “Halala” musiqali komediyasida Odiladudu, “Anvar va Ra’no” musiqali lirik dramasida Gulshanbonu, “Halima” dramasida Muallima, “Gnomlar yangi yili” ertak-spektaklida Shum jodugar, “Maysaraning ishi” musiqali komediyasida Maysara, “Alpomish” dramasida Bodom Bikach, “Sehrli kalitlar” ertak-spektaklida O‘rmon sehrgari obrazlari bir-birini takrorlamasligi bilan e’tirofga sazovordir. Shuningdek, aktrisa teatr orkestr jamoasi bilan ham samarali ijod qilib, “Unutilmas ohanglar”, “Navobaxsh lahzalar” va “Sog‘inch sadolari” nomli konsert dasturlarini go‘zal ovozi, ohangdor qo‘shiqlari bilan jo‘shqinlantirib kelmoqda.

Ra’no Yunusova teatr sahnasida ijod qilish barobarida so‘nggi yillarda tasvirga olingan “Farzandim – jigarbandim” videofilmida Bemor ayol, “Qalbimga quloq sol” badiiy filmida Kotiba, “Snayper” badiiy filmida Ayol, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi PQ3201-sonli qaroriga asosan suratga olingan “Puankare” badiiy filmida bosh qahramon Halima roli singari bir qancha kinoobrazlarni yaratib kelmoqda.

U respublika teatrlarining “Seni kuylaymiz zamondosh!” hamda “Debyut” ko‘rik-festivallarida muntazam ishtirok etib, bosh va yetakchi rollari bilan mutaxassislar, tomoshabinlar olqishiga muyassar bo‘ldi. Xususan, 2013-yil Toshkentda o‘tkazilgan “Seni kuylaymiz zamondosh II” Respublika teatrlar festivalida namoyish etilgan “Ayol qadri” spektaklidagi Xurshida roli uchun “Eng yaxshi ayol roli ijrosi uchun” nominatsiya diplomi bilan taqdirlangan. Shu bilan birga, uning Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan “Jon elim” deb nomlangan qo‘shig‘i 2017-yilda Sirdaryo viloyati hokimi tomonidan “Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. 2020-yil Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Yan Solovichning “G‘aroyib gadosi”da Anastaziya, J.Saraanning “Ma’mura kampir”ida Bibi Mariyam, K.Goldonining “Ayollar mashmashasi”dagi bosh qahramon Kekkina kabi rollari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Oltin meros” fonotekasidan joy olib teleekranlar orqali muntazam namoyish etib kelinmoqda.

R.Yunusovaning samarali ijodiy mehnati viloyat hokimligi, viloyat madaniyat boshqarmasi singari nufuzli muassasalar hamda qo‘shni respublikalar tashkilotlarinig “Faxriy yorliq”lari, qimmatbaho sovg‘alari bilan bir necha bor rag‘batlantirilib kelinmoqda.

Serqirra ijodkor, faol jamoatchi, izlanuvchan aktrisa Rano Yunusova oilali bo‘lib, bir nafar farzandning mehribon onasi.

Loading

Ma'lumotlar

Leave a Reply

Your email address will not be published.