Nazmiddin Nazarov

AKTYOR

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri II darajali drama artisti

Nazarov Nazmiddin Husanovich

Nazmiddin Nazarov 1980 yil Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. Millati o‘zbek.

N.Nazarov 1997-2000 yillarda Toshkent madaniyat kollejining “Ommaviy tadbirlar rejissyori” fakultetida tahsil olgan. 2000-yildan bugungi kungacha Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida Sirdaryo teatri sahnasida faoliyat ko‘rsatib, rang-barang rollar ijro etib kelmoqda. U talqin etgan “Qichqir xo‘roz” spektaklidagi Olapar it, “Xotinimning uch oshig‘i”da Qo‘riqchi, “Mehribonlar”da Militsioner, “To‘y hangomalari”da qo‘shni yigit, “G‘aroyib karnaval”da Qo‘riqchi, “To‘y”da xizmatkor, “Shum bola”da qozoq yigit, Militsioner va Masxaraboz, “Oloviddinning sehrli chirog‘i”da Savdogar, “Javohirlar shahri sehrgari”da Maymun, “Padarkush”da Armani, “Qor yog‘maydigan mamlakat”da Qaroqchi, “Firibgar”da Xo‘randa, “Xonuma xonim”da Timate, “Tuzoq”da Cho‘pon, “Kakkuli soat”da Xariton hamda “Sirli boshoq”da Burgut, “Inson o‘zing”da Gipnozchi, “Ayol qadri”dagi odamfurush, “Quticha yoxud jinni bo‘lish hech gapmas”dagi Tesha, “Bu yurt muqaddas tuprog‘imdur” (“Nodirabegim”)da Hoji Farrux, “Oydinda yurgan odamlar”da qari Qoplon, “Chodir xayol tomoshalari”da Masxaraboz, “Tafakkur”da Hakam, “Niqob”da Prokuror, “Oppog‘oyning yangi sarguzashti”da Qarqchi, “Qo‘sh arava yuki” Trauton, “Oppoq qor izlab”da Qaroqchi, “Sarvqomat dilbarim”da Haydovchi, “Ahli jahondin yaxshilik”da Xo‘ja Abdulla, “Odam qanday aqldan ozadi”da Rasimbey, “Anvar va Ra’no” musiqali lirik dramasida Kalonshoh mirzo, “Maysaraning ishi” musiqali komediyasida Mulla Ro‘zi a’lam, “Alpomish” dramasida Ergashtoz kabi rollari shular jumlasidandir. Bundan tashqari teatrda sahnalashtirilgan teatrlashtirilgan tomoshalarda, ijodiy uchrashuvlar va targ‘ibot guruhlarida doimiy ravishda faol ishtirok etib keladi.

Nazmiddin Nazarov Toshkent shahri hamda viloyatda nishonlanib kelinayotgan davlat tadbirlari: “Mustaqillik”, “Navro‘z”, “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayramlari kabi qator siyosiy va umumxalq bayram tadbirlarida turli obrazlar hamda tarixiy shaxslar siymolarini gavdalantirish bilan bir qatorda turli-tuman hajviy ko‘rinishlari bilan doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda.

Viloyat va respublika televideniyelarining “Xanda”, “Qalpoq”, “Jiblajibon”, “Ajabqishloq hangomalari” ko‘rsatuvlarida ham rang-barang rollar ijro etib teletomoshabinlar nazariga tushdi.

Teatr qoshida tashkil etilgan “Supper tabassum” guruhi tarkibida ham faol ijod qilib, bir necha bor respublika miqyosida o‘tkazilagan “Askiyachi va qiziqchilar tanlovi”da ishtirok etdi va sovrindorlar safidan o‘rin egalladi. Uning samarali ijodi va izlanishlari viloyat hokimligi, madaniyat boshqarmasi va boshqa tashkilotlar tomonidan munosib baholanib, bir necha bor diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

N.Nazarov jamoat ishlarida ham faol qatnashib, hamkasblari va tengdoshlari orasida alohida o‘rnak ko‘rsatib kelmoqda.

Nazmiddin Nazarov oilali. Uch nafar farzandning otasi.

Loading

Ma'lumotlar

Leave a Reply

Your email address will not be published.