Sherzod Kattaboboyev

AKTYOR

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri Oliy darajali drama artisti

Kattaboboyev Sherzod Muhiddinovich

Sherzod Kattaboboyev 2000-yildan buyon Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida o‘z ijodiy faoliyatini olib boradi. Mehnat staji 24 yil.

Teatr sahnasida sahnalashtirilgan spektakllardan “To‘y hangomalari”da Yigit va Kuyov, “Qichqir xo‘roz”da Bo‘ri, “Xotinimning uch oshig‘i”da Tansoqchi, “Mehribonlar”da Bo‘ri, “G‘aroyib karnaval”da Chiyabo‘ri va Uloqcha, “To‘y”da Yigit, “Ayollar mashmashasi”da Arlekin, “Shum bola”da Bangi, “Alovuddinning sehrli chirog‘i”da Jin, “Javohirlar shahri sehrgari”da Dala qo‘riqchisi, “Yomonning bir qilig‘i”da Qaroqchi, “Zaharli tomchilar”da Salim, “Standart kuyov”da Shoir yigit, “Bremen sozandalari”da Qaroqchi, “Padarkush”da Tangriqul va Xayrullo, “G‘aroyib tomosha”da Santexnik, “Qor yog‘maydigan mamlakat”da Munajjim, “Bola yo‘lbars”da Bog‘ direktori, “Firibgar”da Sharif, “Xonuma xonim”da Mikich Katryans, “Tuzoq”da Daydi rassom, “Sirli boshoq”da Yumronqoziq, “Inson o‘zing”da Gipnozchi, “Quticha yoki jinni bo‘lish hech gap emas”da Militsioner, “Ayol qadri”da Samandar, “Qotil yuragi”da Advokat, “Jonginam shartingni ayt”da Gazeta muxbiri, “Tafakkur”dagi Muallim, “Niqob”dagi Prokuror, “Qizil qalpoqcha qayerda?”da Gargamel, “Insonlikka nomzod”da Azim, “Bibixonim”da Odil darvesh, “Otamdan qolgan dalalar”da Aqrab qo‘rboshi, “Qush tilida” Hudhud, “Quvnoq shaharcha”da Qaroqchi, “Ahli jahondin yaxshilig‘”da Ahmad Tambal, Yavdat Ilyasovning “G‘azab so‘qmog‘i” asari asosida sahnalashtirilgan “Shiroq” tragediyasida Hugava, U.Shekspirning “Qirol Lir” tragediyasida graf Gloster, R.N.Gunteginning “Halala” musiqali komediyasida bosh qahramonlardan biri Sharif, “Tushov uzgan tulporlar” dramasida Turg‘un, “Anvar va Ra’no” musiqali lirik dramasida Sulton Ali, “Halima” dramasida Tepakal, “Maysaraning ishi” musiqali komediyasida Mulla Ro‘zi a’lam, “Alpomish” da Boybo‘ri, “Sehrli kalitlar” da Olov hukmdori kabi turli-tuman rollari ijrosi bilan xalqimiz e’tiborini qozongan.

Sherzod Kattaboboyev teatrdagi ijod qilishi bilan bir qatorda O‘zbekiston Milliy teleradikompaniyasining “Qalpoq” hajviy dasturlarida turli xarakterdagi rollari, Yoshlar telekanali tomonidan suratga olingan Rixsivoy Mirzarahimov hamda O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipovning “Jiblajibon” hajviy serialida Qo‘zivoy Qo‘chqarovich, rejissyor Shavkat Jumadullayev tomonidan suratga olingan “Odamlar orasida” serialida Usta yigit, O‘zbekiston telekanali buyurtmasiga asosan rejissyor Rixsivoy Mirzarahimov tomonidan suratga olingan “Tazarru” serialida magazinchi Rustam, Sirdaryo viloyati televideniyasi buyurtmasiga asosan suratga olingan odam savdosiga qarshi “Nafs qullari” videofilmida bosh qahramon Rustam, “Ko‘z qorachig‘idagi javob” videofilmida bosh rol Sherzod, “Qodirxon” serialida Bahrom, “Yo‘lbars” milliy serialida Nanay kabi qator rang-barang qahramonlarni yaratib tomoshabinlar nazariga tushdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizning barcha viloyatlarida gastrol safarlarida bo‘lib, tarixiy, zamonaviy, ayniqsa, hajviy rollari orqali muxlislariga ega bo‘lib kelmoqda. Bundan tashqari, viloyatning tuman va chekka hududlarida muntazam tashkil etiluvchi targ‘ibot tadbirlari, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari hamda teatr san’ati borasida yorqin taassurot va mehr uyg‘otishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.

2021-yilda “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, 2022-yil “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan, 2023-yil U.Shekspirning “Qirol Lir” tragediyasida graf Gloster obrazi uchun “Eng yaxshi epizodik rol ijrochisi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi.

Sh.Kattaboboyev oilali, uch nafar farzandning otasi.

Loading

Ma'lumotlar

Leave a Reply

Your email address will not be published.