Husan Musurmonqulov

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri oliy darajali drama artisti

Musurmonqulov Husan Beknazarovich

Husan Musurmonqulov 1979-yil Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy.

H.Musurmonqulov 1999-2002-yillarda Guliston san’at kollejining “Aktyor va rejissyorlik” bo‘limida tahsil olgan bo‘lib, 2024-yilda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Teatr aktyorligi” yo‘nalishini tamomladi. 2003-yildan bugungi kungacha Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.

Teatrda sahnalashtirilgan “Shum bola”da Qoravoy, “Oloviddinning sehrli chirog‘i”da Jin Husan, “Ayollar mashmashasi”da Mazullin, “To‘y” spektaklidagi Qo‘shni, “Javohirlar shahri sehrgari”da kuchukcha Totoshvoy, “Keling bir kulishaylik” da har xil obrazlar, “Chipollino”da Chippolino, “Yomoninng bir qilig‘i”da Oybadoq, “Standart kuyov”da kuyov, “Zaharli tomchilar”da o‘quvchi, “Bremen sozandalari”da Xo‘roz, “Padarkush”da Boy, “G‘aroyib tomosha”da Santexnik, “Qor yog‘maydigan mamlakat”da Shoh, “Xonuma xonim”da Timate hamda “G‘aroyib karnaval”da Uloqcha, “Xotinlar “gap”idan chiqqan hangoma”da Quvonchbek, “Sirli boshoqda”da Sichqoncha, “Qo‘ng‘iroqli aldoqchi”da Echkicha, “Oppog‘oyning sarguzashtlari”da masxaraboz, “Inson o‘zing” tragikomediyasida Aziz, , “Badjahl quyoncha”da Quvnoq bobo, “Jonginam shartingni ayt”da qo‘shni, “Tafakkur”da Kuyov jo‘ra, “Quticha yoki jinni bo‘lish hechgapmas”da talaba yigit, “Ko‘cha bolalari”da Odil, “Ayol qadri”da Zokir, “Niqob”da talaba, “Kim a’lochi”da Qo‘yon, “Sirli kitob”da Omon, “Momo yer”da Jaynoq, “Insonlikka nomzod”da bezori, “Sarvqomat dilbarim”da O‘rmat og‘a, “Muzlagan soat”da Olashaqshaq, “Xusrav va Shirin”da Sheruya, “Odam qanday aqldan ozadi?” da Sepkilli kishi, “Qirol Lir” tragediyasida Masxaraboz, “Shiroq” da Askar, “Muzbuloq siri” ertak-spektaklida Kalamush, “O‘rmon ahli”da Qo‘ziqorin, “Medeya” tragediyasida Sharpa, “Doniyorning sarguzashtlari”da Doniyor, “Maysaraning ishi” musiqali komediyasida Qozi, “Alpomish”da Jangchi kabi rollarni ijro etgan.

Viloyat va respublika miqyosida nishonlangan “Konstitutsiya kuni”, “14- yanvar Vatan himoyachilari”, “Navro‘zi olam”, “Mustaqillik bayrami” va “Prezident archasi” kabi bayram tadbirlarda tarixiy hamda zamondosh qahramon shaxslari qiyofalari ijrochisi sifatida tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda. Bundan tashqari, viloyat bo‘ylab o‘tkazilgan targ‘ibot guruhlari, ijodiy uchrashuvlar va hosil bayramlarida ham o‘zining ichakuzdi hangomalari, monolog va she’rlari ijrosi bilan muntazam ishtirok etib keladi.

Husan Musurmonqulov ishtirokidagi “Xushchaqchaq” guruhi Qo‘qon va Xonobodda o‘tkazilgan qiziqchi va askiyachilar tanlovlarida muvaffaqiyat bilan chiqishlar qilib, uchinchi o‘ringa sazovar bo‘lib keldi. O‘zbekiston telekanali tomonidan tasvirga olingan “Xushchaqchaq” hajviy ko‘rsatuvidagi obrazlari bilan oynai jahon muxlislarining nazariga tushdi.

Bugungi kunda Sirdaryo telekanalida muntazam efirga uzatib kelinayotgan “Kulgu bekati” hajviy ko‘rsatuvining qatnashchisi, shu bilan bir qatorda, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat olib borayotgan “Qarg‘alar” jamoasi a’zosi sifatida jamiyatdagi illatlarni yoritib, kichik media loyihalar tayyorlab kelmoqda.

Ijodkor jamoat ishlarida faol ishtirok etib, jamoa orasida namunali xulqi va izlanuvchanligi bilan o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

Doimo ijodda, izlanishda bo‘lgan Husan Musurmonqulov oilali. Uch nafar farzandning otasi.

Loading

Profile details

Leave a Reply

Your email address will not be published.