
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri
Yetakchi sahna ustasi Mamatillaxunova Mavluda Adilovna
2005-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni, 2021-yil “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
2021-yili “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.Mehnat staji 45 yil. 1979-yil O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining yo‘llanmasi bilan Sirdaryo viloyati musiqali drama teatriga ishga keldi. Dastlabki kundan bugungi kunga qadar drama artisti lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Mehnatsevarlik, izlanuvchanlik, o‘qish, o‘rganish aktrisa M.Mamatillaxunovaning eng muhim xislatlaridan. Teatr-tomosha san’atining ko‘plab janrlari, siru sinoatlarini puxta egallagan, o‘zlashtirgan san’atkor oltmishdan ziyod turli yosh, turlicha xarakter, kasbikor va maslakka ega bo‘lgan rang-barang obrazlar gallereyasini yaratdi. Uning V.Shekspirning “Richard III”dagi Qirolicha Anna, V.Mayakovskiyning “Hammom”dagi Nurafshon ayol, M.Boboyevning “Yer tomiri”dagi Zebo, A.Gelmanning “Imzo”dagi Alla Ivanovna, T.Jamolovning “So‘nmas yulduzlar”dagi Anora, T.Minullinning “Odam va Ajal”dagi Gulfira, M.Boboyevning “30 yoshlilar”dagi Latofat, A.Dudarevning “Porog”dagi Alina, “Istoriya metronpajem”dagi Viktoriya, J.Mahmudovning “Qichqir xo‘roz”dagi Tulki, A.Qahhorning “Og‘riq tishlar”dagi Nasiba, J.Mahmudovning “Ayollar faryod”dagi Fotima, H.Jovudning “Amir Temur”dagi Olga, Sh.Jumayevning “To‘y hangomalari”dagi Ona, K.Avazning “Marvarid taqqan ayol”dagi Chinora, A.Jamolning “Mehribonlar”dagi Sarvixon, Q.Muhammad Rizoning “To‘y”dagi Sanamxon, K.Galdonining “Ayollar mashmashasi”dagi Beatriche, A.Volkovning “Javohirlar shahri sehrgari”dagi Odamho‘r ayol, Muxtor Xudoyqulovning “Ibtido”dagi Ona yer, “Xonima xonim”dagi Tekle, “Qor yog‘maydigan mamlakat”dagi Saroy malikasi, “Firibgar”dagi Patila, “Tuzoq”dagi Hamshira, “G‘aroyib karnaval”dagi Tulki, “Xotinlar gapidan chiqqan hangoma”dagi Halima, amma obrazlari, “Standart kuyov”da Sharifa, “Xavfli qadam”dagi Lo‘li ayol, “Inson o‘zing…”dagi Unsin, Turob To‘laning “Bu yurt muqaddas tuprog‘imdur”… (Nodirabegim)da Nodirabegim, “Quticha yoki jinni bo‘lish hech gap emas”dagi Erkinoy, “Jonginam shartingni ayt”dagi Muborokxon, “Tafakkur”dagi Buvizilol, “Eski shahar gavroshlari”dagi Huriniso, “Momo yer”dagi To‘lg‘anoy, “Bibixonim”da Bibixonim, “Ahli jahondin yaxshilig‘”da Qutlug‘nigorxonim, “Yaxshi kun” folklor tomoshasida mazluma ayol, Yavdat Ilyasovning “G‘azab so‘qmog‘i” asari asosida sahnalashtirilgan “Shiroq” tragediyasida Ona, R.N.Gunteginning “Halala” musiqali komediyasida Ruqiya, Sh.Boshbekovning “Tushov uzgan tulporlar” dramasida Halima xola, Yevripidning “Medeya” tragediyasida Enaga kabi rollari shular jumlasidandir.
Aktrisaning san’ati, mahorati ko‘p bora yuqori hamda quyi tashkilotlarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan munosib ko‘rilib, 2015 yil poytaxtda bo‘lib o‘tgan “Seni kuylaymiz zamondosh-III” respublika teatrlar festivalida namoyish etilgan “Tafakkur” spektaklidagi Buvzilol rolining yuksak saviyadagi ijrosi uchun ko‘rik tanlovning “Eng yaxshi ayol roli ijrosi uchun” mukofoti bilan taqdirlangan.
2018-yilda Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan VII Xalqaro teatr festivalida namoyish etilgan “Momo yer” spektaklidagi To‘lg‘anoy roli uchun Biken Rimova nomidagi Eng yaxshi ayol roli uchun” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan. 2023 yil Tatariston Respublikasi Qozon shahrida o‘tkazilgan turkiyzabon xalqlarning “NAURUZ” festivali va Moskva shahrida tashkil qilingan A.P.Chexov nomidagi XVI xalqaro teatr festivallarida “Momo yer” dramasi namoyish qilinib, xorijiy mutaxassislar va tomoshabinlar tomonidan To‘lg‘anoy roli ijrochisi M.Mamatillaxunova mahoratli aktrisa sifatida yuksak baholandi.
Serqirra ijodkor Sirdaryo viloyati televideniyasi buyurtmasiga asosan Dilnoza Zokirova avtorligida, Jahongir Eshpo‘latov rejissyorligida tasvirga olingan “So‘nggi yulduz” va “Qora quyun” videofilmlaridagi Zamira va Mastura rollari, shuningdek, so‘nggi yillarda Umid Husanov rejissyorligida tasvirga olingan (Azamat Qorjonov asari asosida)“Musofir go‘dakning qismati” nomli milliy serialidagi Hayri aya obrazlari uning ijodini yanada boyitib turishi bilan ham ahamiyatlidir.
Faol jamoatchi ayol – M.Mamatillaxunova, teatr Badiiy kengashi a’zosi.
Oilali, to‘rt farzandning onasi.
![]()