Ilhom Allayorov

AKTYOR

Oliy darajali drama artisti Allayorov Ilhomjon Eshqulovich

Ilhom Allayorov 1993–1997-yillarda Toshkent davlat san’at institutining “Drama va kino” fakultetida tahsil olgan. 2000-yildan bugungi kungacha Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.

Uning Sirdaryo teatri sahnasida ijro etgan biri-birini takrorlamas turli xarakterdagi yorqin obrazlari teatr ixlosmandlari yuragidan joy egalladi.

“Qichqir xo‘roz”dagi Bo‘ri, “G‘aroyib karnoval”da Bo‘ri, “Oloviddinning sehrli chirog‘i” da Jafar o‘g‘ri, “Mehribonlar”da Ajdar va Kamol, “Uch xotinimining oshig‘i”da Ofisant, “Shum bola”da Qozoq, O‘ynash, “Javohirlar shahri sehrgari”da Temir odam, “Keling bir kulishaylik”da Bog‘bon, Parishonxotir er, Lo‘li ayol, Qallob, Otaxon, Maymoq va Vasiyat, “Ibtido”da Mikoil, “Qayrog‘och ostidagi ehtiros”da Ebin, “Standart kuyov”da Yo‘ldosh, “Padarkush” da Domullo, “G‘aroyib tomosha”da Xaridor, “Xonuma xonim”da Sotuvchi, “Tuzoq”da Bolta, “Inson o‘zing…”da Komil, Ota, “Quticha yoxud jinni bo‘lish hech gapmas”Qo‘shni, “Qo‘sh arava yuki”da Inspektor Trauton, “Tekintomoq”da Kuchukvoy, “Niqob”da Sulton, “Sirli kitob”da Maxluq, “Oppoq qor izlab…”da Dev, “Bibixonim”da vazir, “Qirol Lir”da Albani, “Shiroq”da Kunxaz, “Otamdan qolgan dalalar”da Aqrab, “Ahli jahondin yaxshilig‘”da Murob, “Insonlikka nomzod”da Azim, “Jonginam, shartingni ayt”da maktab direktori, “Halala”da Domullo, “Maysaraning ishi”da Qozi, “Alpomish”da Farmonqul, “Oydinda yurgan odamlar”da Qoplon, “Yaxshi kun”da Ota, “Bo‘yoqchi”da Doktor Ahmad kabi rollari shular jumlasidandir.

I.Allayorov 2014-yildan 2016-yilga qadar Sirdaryo telekanali orqali efirga uzatilgan “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” ko‘rsatuvida Ertakchi bobo obrazini yaratgan. Bundan tashqari, viloyat telekanali buyurtmasiga ko‘ra tayyorlangan “Antiqa debyut”, “Nafs qullari”, “Qo‘ziboyning sarguzashtlari” kabi turli janrdagi filmlarda o‘z obrazini mahorat bilan ijro qilgan. Shuningdek, ijtimoiy-siyosiy videoliklar va reklamalarda ham suratga tushgan.

Faol jamoatchi Ilhom Allayorov respublika televideniyasining “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”, “Kunlarning birida…”, “Dengizdan tomchi”, “Zirapcha”, “Izzat”, “Hayot saboqlari” telenovellalarida turli ibratli obrazlar yaratish bilan bir qatorda , 2014-yilda “Zangi buva” hujjatli filmida Zangi buva, “Toshkent – 1990” badiiy filmida Otaxon, 2016-2017-yillarda O‘zbekfilm tomonidan suratga olingan “Tinchlik ortida” filmida terrorchi Bahrom, “At-Termiziy” filmida Darvesh, “Asira” serialida Botir, 2018-yilda esa Muzaffar Erkinov rejissorligidagi mashhur “Avloniy” filmida ayg‘oqchi Qalandar, 2019-yilda “Sevimli” telekanali buyurtmasiga ko‘ra ishlangan “Osiyo” serialida Tursunboy, 2021-yili “Baxt ovchisi” serialining birinchi va ikkinchi mavsumlarida Baxtiyor, “Zo‘r TV” telekanali buyurtmasi asosida suratga olingan “Iskanja” serialida Bahrom va Professor Ismoilov, “Psixolog”da Erkinjon, 2022-yil “Yur muhabbat” serialida Baxti, “Qo‘rqma, yurak” da oqsoq O‘lmas, “Jigarbandim” serialida Mulla, “Mardikor ayol”da Ikrom, “Nomus” serialida Ota, “Qizim” serialida Ilhom, “Aka” serialida Pochcha, 2024-yilda O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida tasvirga olingan “Maxtumquli” badiiy filmida lashkarboshi hamda yana ko‘plab seriallarda asosiy va epizodik rollarni ijro qilib kelmoqda.

Ijodkor viloyat miqyosida o‘tkaziladigan Mustaqillik va “Navro‘z” umumxalq bayramlarida yuksak san’atkorlik va suxandonlik salohiyatini namoyon etibgina qolmasdan, buyuk allomalar tavallud kunlari va yubileylar munosabati bilan o‘tkazilgan badiiy-musiqiy bayram kechalarida “Husayn Boyqaro”, “Abdulla Qodiriy”, “Mirzo Bobur”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Pahlavon Mahmud”, “Amir Temur”, “Behbudiy”, “Cho‘lpon”, “Usmon Nosir”, “Fitrat” kabi bobokalonlarimiz timsollarini yaratdi.

Ilhom Allayorov oilali. 4 nafar farzandning otasi.

 

Loading

Ma'lumotlar

Leave a Reply

Your email address will not be published.