“MOMO YER”

CH.AYTMATOV ASARI. REJISSYOR N.GAIBNAZAROVA
(spektaklning qisqacha mazmuni)
Ushbu spektaklda tarixning eng hayajonli, eng dahshatli voqealaridan biri – ikkinchi jahon urushi yillari tasvirlanadi.
Spektakl bosh qahramon – Toʻlgʻanoyning ona yer bilan ramziy, ayni chogʻda samimiy, insoniy suhbatidan boshlanadi. Suvonqul, Qosim, Jaynoq, Maysalbek, Aliman kabi spektakl qahramonlari goʻzal qalb egalari, butun faoliyatlari, halol mehnatlari bilan atrofdagilarga manfaat yetkazuvchi fidoyi, olijanob kishilar sifatida tomoshabin koʻz oʻngida namoyon boʻladi. Ezgulik, insonga cheksiz mehr muhabbat spektakl qahramonlarining muqaddas shioridir.
Toʻlgʻanoy milliy xarakter doirasidan chiqib, oʻzida umumbashariy xususiyatlarni aks ettiruvchi oddiy qirgʻiz ayolining obrazi sifatida gavlanadi. U yer yuzidagi eng oliy moʻtabar jonzot – insonning mangu barhayotligi, shaxs va ijtimoiy burch, sof sevgi va masʼuliyat singari ezgu gʻoyalar uchun kurashadi.
Toʻlgʻanoy urush dahshatlarini, bir-birini qirib, qon toʻkishni mutlaqo gʻayriinsoniy hol deb biladi. Insoniyat boshiga kulfatlar keltirgan urush oqbatini koʻrib odamlarga murojaat qiladi: “Ey odamlar! Dunyoning toʻrt burchagida yashagan odamlar, sizlarga nima kerak – Yermi? Mana yer, u hammalaringizga yetadi. Talashganning keragi yoʻq, unga inoqlik kerak! Mehnat kerak! U xasis emas, u hammaga baravar yetadi.”
![]()

