O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

TEATRLARNING JAMIYAT MADANIY HAYOTIDAGI AHAMIYATINI OSHIRISH VA ULAR FAOLIYATINI YANADA QO‘LLAB-QUVVATLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA [Ko‘chirma]
Mamlakatimizda teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlar faoliyatini takomillashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada ijodiy hamkorlik va erkinlikni ta’minlash, spektakllarning badiiy saviyasini oshirishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, budjet mablag‘lari va boshqa resurslardan samarali foydalanish, sohaga jahon teatr san’atining ilg‘or tajribalari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida:
1. 2025 — 2030-yillarda 1-ilovaga muvofiq:
buyuk tarixiy shaxslarning ibratli hayoti va ijodi, ularning bolaligi va yoshligini ifodalovchi milliy qahramon obrazlari;
insonning jamiyatdagi o‘rni va qadr-qimmatini targ‘ib etuvchi “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida yangi sahna asarlari yaratib borilsin.
Belgilansinki:
teatr jamoalari davlat buyurtmasi asosida yaratilgan spektakllar bilan reja asosida respublika bo‘ylab gastrol safarlariga yuboriladi;
teatr san’atining zamonaviy janr va yo‘nalishlaridagi spektakllarga ham davlat buyurtmasi berib boriladi;
davlat teatrlarida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning buyurtmalari asosida ularning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan spektakllar sahnalashtiriladi.
2. 2025 — 2028-yillarda davlat teatrlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va modernizatsiya qilishning manzilli dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda loyihalash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda quyidagilar inobatga olinadi:
teatrning yo‘nalishi kelib chiqqan holda arxitektura-rejalashtirish, sahna mexanizmlari, tomosha zalining akustik talablarga javob berishi, zamonaviy raqamli va dasturlashtirilgan texnologiyalar bilan jihozlash va landshaft yechimlarini qo‘llash;
tashrif buyuruvchilar, xususan, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turistlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish;
teatrlarning zamonaviy yangi konsepsiyalari, sohaga xorijiy ilg‘or tajribalarni samarali qo‘llash.
3. Teatr san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2025-2026-yillarda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani asosida myuzikl yaratsin, uning tantanali premyerasini, alohida reja asosida mamlakatimiz va jahon bo‘ylab gastrollarini tashkil etsin.
5. Teatr san’atida ijodiy hamkorlikni rivojlantirish, dramaturglar va yosh rejissyorlarni rag‘batlantirish maqsadida:
dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot hamda yosh rejissyorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti va san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot ta’sis etilsin, ushbu mukofotlar bo‘yicha tanlovlar har ikki yilda o‘tkazilib, ularning g‘oliblari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlansin;
rejissyor — dramaturg — kompozitor — rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 2025-yildan boshlab har yili avgust oyida “Nigoh” ijodiy loyihasi amalga oshirilsin;
“Nigoh” ijodiy loyihasi doirasida hamkorlikda yaratilgan va ijodiy tanlov asosida aniqlangan eng yaxshi 5 ta asarni ushbu loyiha granti asosida teatrlarda sahnalashtirish hamda rejissyor, dramaturg, kompozitor, rassomlarni moddiy rag‘batlantirib borish amaliyoti joriy qilinsin;
milliy akademik musiqa san’atini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida har ikki yilda milliy kompozitorlar tanlovi o‘tkazib borilsin.
6. Teatrlar bilan ta’lim tashkilotlarining uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida:
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga maqsadli qabul kvotalari teatrlardagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olib belgilansin;
kasbiy ta’lim tashkilotlarining so‘nggi bosqich o‘quvchilari, uchinchi va to‘rtinchi bosqich bakalavr hamda magistratura talabalarining haftada kamida ikki kun teatrlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tashi yo‘lga qo‘yilsin;
har yili davlat buyurtmasi uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida musiqiy teatr, dramatik va qo‘g‘irchoq teatri rejissyorligi yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilarining beshtagacha eng yaxshi bitiruv malakaviy ishlari uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 100 barobarigacha miqdorda davlat buyurtmasi berib borilsin;
har yili beshtagacha maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari belgilangan tartibda Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilsin.
Madaniyat vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlasin.
7. Teatr san’ati hamda teatr tanqidchiligida “ustoz-shogird” an’analari va mahorat maktablarini rivojlantirish maqsadida teatr san’atidagi iste’dodli va yuqori malakali ijodkorlar, teatrshunoslar va san’atshunoslarning mahorat maktablari tashkil etilsin.
Bunda:
mahorat maktablari tashkil etiladigan ijodkorlar ro‘yxati Madaniyat vazirligi hay’ati qarori bilan tasdiqlanadi;
mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar belgilangan tartibda asosiy ish joyining (tashkilotining) budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida mahorat maktablarida o‘qitish samaradorligini baholash asosida qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi;
mahorat maktablariga ularni tashkil etgan ijodkorlar faoliyat yuritadigan tashkilot obyektlaridan mahorat darslarini o‘tish uchun joy ajratiladi va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratiladi;
mahorat maktablari xorijiy mutaxassislar bilan shartnomalar asosida ham tashkil etilishi mumkin.
8. Bolalar va o‘quvchi-talabalarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va ularning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida:
a) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan:
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar uchun stol usti, barmoq, qo‘lqopli va qo‘g‘irchoqli kichik sahna ko‘rinishlarini sahnalashtirish hamda bolalar ijodiy jamoalari faoliyati yo‘lga qo‘yilsin;
davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab teatr jamoalari tashkil etilsin hamda ular o‘rtasida “Turon” maktab teatri respublika tanlovi o‘tkazib borilsin;
“Barkamol avlod” bolalar maktablarida “Tasavvur” qo‘g‘irchoq teatri to‘garaklari tashkil etilsin;
b) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalarida talabalar teatr-studiyalari faoliyati kengaytirilsin hamda ular o‘rtasida teatr-studiyalar respublika ko‘rik-festivali o‘tkazib borilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan:
tadbirlarning yuqori bosqichlari teletanlov va tele-shou shaklida tashkil etiladi;
tadbirlarning respublika bosqichida 1, 2 va 3-o‘rinni egallagan jamoalar tegishli ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 100, 70 va 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda bolalar va o‘quvchi-talabalarning yoshi, qiziqishlari, ta’lim-tarbiya olishi, ijodiy va intellektual rivojlanishini inobatga olib, 2025-yildan boshlab har yili 10 ta pyesa yaratib, ularning elektron to‘plamini tuzsin.
9. Madaniyat vazirligi huzuridagi Teatrlar faoliyati bo‘yicha badiiy kengash tugatilib, spektakllarning janri va mavzusini inobatga olgan holda ixtisoslashgan badiiy-ekspert guruhlari tashkil etilsin va ular faoliyatiga mutanosib ravishda haq to‘lab borilsin.
Davlat teatrlarida bosh rejissyor teatr badiiy kengashining rahbari hisoblansin (bundan badiiy rahbar lavozimi joriy etilgan teatrlar mustasno). Bosh rejissyorning badiiy faoliyatiga teatr direktorining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
10. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri huzurida ushbu teatrning amaldagi shtat jadvali doirasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Teatr rejissyorlari akademiyasi tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Teatr rejissyorlari akademiyasi Madaniyat vazirligiga tegishli binolar, teatr sahnalari, dekoratsiya va boshqa jihozlardan o‘quv maqsadlarida bepul foydalanishi mumkin;
Teatr rejissyorlari akademiyasi davlat buyurtmasi asosidagi spektakllarni sahnalashtirish jarayoniga ijodiy ko‘maklashadi;
Teatr rejissyorlari akademiyasida davlat teatrlari rejissyorlari har ikki yilda, shu jumladan, yangi tayinlangan rejissyorlar o‘z faoliyatini boshlashidan oldin kamida ikki oy davomida individual dastur asosida amaliy mashg‘ulotlardan o‘tadi, shuningdek, ushbu dastur doirasida yangi janr va yo‘nalishlardagi spektakllarni sahnalashtirish amaliy tajribadan o‘tkaziladi. Teatr rejissyorlari faqat Teatr rejissyorlari akademiyasida malaka oshiradi;
davlat teatrlarida bosh rejissyorga nisbatan intizomiy jazolar qo‘llash Teatr rejissyorlari akademiyasi bilan majburiy tartibda kelishgan holda amalga oshiriladi.
Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda Teatr rejissyorlari akademiyasi faoliyatini tashkil etsin, shuningdek, kelgusida uning samarali faoliyati olib borishiga har tomonlama ko‘maklashsin.
11. Teatrlar faoliyatiga tahliliy baho berish va teatr tanqidchiligini rag‘batlantirish maqsadida quyidagilar joriy etilsin:
teatrshunoslik va san’atshunoslik yo‘nalishi doktorantlari hamda professor-o‘qituvchilarning har oyda kamida ikkita spektakl tomosha qilish va har chorakda kamida bir marotaba yangi spektakl ko‘rigi va muhokamasida ishtirok etish;
har bir teatrga teatr tanqidchilari sifatida teatrshunos, san’atshunos, dramaturglarni jalb etish;
teatr tanqidchilari va dramaturglari klubini tashkil etish hamda har chorakda kamida bir marotaba badiiy tanqid va dramaturgiyani rivojlantirish bo‘yicha davra suhbatlari, seminarlar va omma e’tiborida bo‘lgan sahna asarlari muhokamasini o‘tkazish.
Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan teatr tanqidchiligini rag‘batlantirish tartibini belgilasin. Bunda har bir yangi asar bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida Madaniyat vazirligiga ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish nazarda tutilsin.
12. Teatrlarda davlat buyurtmasi asosida spektakllarni sahnalashtirish hamda tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha sahna asarlarini yaratishni rag‘batlantirish maqsadida:
milliy mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning yuqori badiiy-g‘oyaviy saviyaga ega asarlarini teatrlarda sahnalashtirish maqsadida inssenirovka uchun har yili 10 tagacha davlat buyurtmasi berib borilsin;
har yili spektakllarni sahnalashtirish uchun nodavlat teatr va teatr-studiyalarga Madaniyat vazirligi tomonidan uning hisob-kitoblariga muvofiq davlat buyurtmasini berib borish yo‘lga qo‘yilsin;
2025-yildan boshlab, har ikki yilda tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha “Eng yaxshi pyesalar” tanlovi tashkil etilsin va tanlovda g‘olib deb topilgan 20 ta eng yaxshi pyesalar teatrlarda sahnalashtirilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha tanlov g‘oliblariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 barobarigacha miqdorda bir martalik mukofot puli berilsin;
jahon dramaturgiyasi namunalaridan tarjima qilingan asarlar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi tarjima sahna asarlari” tanlovi joriy etilsin va tanlov g‘oliblariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 barobarigacha miqdorda bir martalik mukofot puli berilsin;
2027-yil yakuniga qadar madaniyat va san’at ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari uchun ta’lim jarayonida foydalanadigan 50 tagacha xorijiy adabiyotlarni davlat buyurtmasi asosida o‘zbek tiliga tarjima qilish amaliyoti joriy qilinsin;
2025-yildan boshlab, har yili 25 nafar ijodiy va yordamchi xodimlarning xorijiy davlatlar teatrlarida mahoratini oshirishni yo‘lga qo‘yish tizimi joriy qilinsin.
13. Belgilansinki, 2025-yildan boshlab, O‘zbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuziladi hamda har yili 27-mart — Xalqaro teatr kunida e’lon qilinadi.
Bunda:
teatr xodimlari milliy reytingga, shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadigan teatrlar ijodiy xodimlarining spektakl sahnalashtirish va ijro etish me’yorlariga muvofiq holda rag‘batlantiriladi;
milliy reyting teatrlar va ularning ijodiy xodimlarining faoliyatini baholash hamda yil davomida namoyish etilgan sahna asarlariga tomoshabinlarning munosabatlari asosida shakllantiriladi.
14. Aholi, ayniqsa, yoshlarning teatrlarga doimiy tashriflarini nazarda tutuvchi “Teatr — ibratxonadir” dasturi amalga oshirilsin. Belgilansinki, uning doirasida:
spektakllarning chiptalariga chegirmalar taqdim qilish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etiladi;
“Mahalla yettiligi” a’zolari bilan birgalikda har oyda mahallalarda “Teatr kuni” tadbirlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ijodiy uchrashuvlar va teatrlashtirilgan kompozitsiya namoyishlari yoki teatrlarga tashriflar tashkil etiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat teatrlarining spektakllariga bepul kiritiladi.
15. Belgilab qo‘yilsinki, teatrga tomoshabinlarni jalb etishni rag‘batlantirish maqsadida 2025-yildan boshlab:
teatrlar faoliyati, shu jumladan, ularda namoyish etilayotgan asarlarni reklama qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun davlat buyurtmasi asosida asarlarni yaratish uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘larining 10 foizigacha miqdorda mablag‘ yo‘naltirishga;
chiptalarni realizatsiya qilishni autsorsing asosida amalga oshirishga;
teatrning asosiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan holda savdo nuqtalarini, pulli xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalarini, shu jumladan, reklama vositalarini joylashtirishga, tashrif buyuruvchilar uchun “Sahna ortiga sayohat” mavzusidagi ekskursiyalarni tashkil etishga;
teatrlar brendini yaratish, faoliyatini targ‘ib qilish, marketing va qo‘shimcha pulli xizmatlarni yo‘lga qo‘yishda xususiy sektor xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Belgilansinki, davlat teatrlari tomonidan spektakl premyeralari kamida bir oy oldin e’lon qilib boriladi.
16. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Madaniyat vazirligining teatrlar faoliyatini ommalashtirish, ularga tashrif buyuruvchilarni rag‘batlantirish maqsadida Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi orqali sotilgan teatr chiptalari asosida sovrinli o‘yinlar tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
17. Mamlakatimizda musiqali teatr san’atini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi hamda bu sohada erishayotgan ulkan yutuqlari uchun Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga “Akademik” maqomi berilsin.
18. Belgilansinki, 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekiston davlat yoshlar teatri faoliyati zamonaviy namunali teatr sifatida tashkil etiladi.
Bunda ushbu teatrda jahonning nufuzli teatrlaridagi eng ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy ko‘rinishdagi spektakllar, tomosha dasturlarini namoyish etish hamda uni teatr texnologiyalari bilan jihozlash nazarda tutiladi.
Madaniyat vazirligi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlasin.
19. 2025-yil 1-yanvardan boshlab 2026-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment tariqasida O‘zbekiston davlat yoshlar teatri hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilsin.
Bunda:
amaldagi umumiy shtat birliklaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda va ish haqi fondi doirasida shtat birliklari soni va lavozimlar hamda Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish miqdorlari ushbu teatrlar tomonidan mustaqil belgilanadi;
ijodiy jarayonlarga mahalliy va xorijiy yuqori malakali ijodkor va mutaxassislar ushbu teatrlar tomonidan jalb etiladi;
ushbu teatrlar tomonidan teatrlar faoliyati bilan bog‘liq davlat xaridlari ular faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi;
teatrlar direktori, badiiy rahbari, bosh rejissyori faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadi;
shtat lavozimlaridan oqilona foydalanish holatini o‘rganish, shuningdek, badiiy, boshqaruv va yordamchi xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.
Ushbu teatrlar tomonidan namoyish etiladigan spektakllari soni, tomoshabinlarni jalb qilish hamda mablag‘ ishlab topish rejasi 2024-yildagi ko‘rsatkichlarni kamida 20 foizga oshirilgan holda bajarilishi belgilanadi.
Madaniyat vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha teatrlarga amaliy yordam ko‘rsatib borsin.
20. Vazirlar Mahkamasi 2025-yil sentabr oyiga qadar Toshkent shahrida davlat teatrlari uchun dekoratsiyalar va teatr jihozlarini saqlashga markazlashtirilgan ombor binosini belgilash, shuningdek, dekoratsiya va liboslar ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
21. Madaniyat vazirligi va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, teatrlarning faoliyati uchun zarur bo‘lgan musiqa asbob-uskunalari, texnik jihozlar, dekoratsiyalar, chiroqlar, grim mahsulotlari va boshqa ashyolar 2030-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
23. Madaniyat vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
davlat teatrlarining bugungi zamonaviy va tez o‘zgarib borayotgan zamonda aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish va ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyatini chuqur tahlil qilib, ushbu maqsadlar uchun ajratilayotgan resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflarni;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
24. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-noyabr,
PQ-399-son

Loading

Leave a Reply

Your email address will not be published.